Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida turistik halqa tashkil etish taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu yetarli emas.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirish hisoblanadi.

Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.

Bundan tashqari, prezidentga Marg‘ilon shahrida barpo etilayotgan turar-joy massivining taqdimoti o‘tkazildi.

Massiv 110 gektar maydonni egallaydi, bu yerda 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi.

“Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar qurayapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” prezident Farg‘onada 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start bergani haqida yozgandi.

Shuningdek, hududda Xitoy bilan hamkorlikda $144 mln investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.