Toshkentda joylashgan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar renovatsiya qilinadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi sanoat hududlarida ishlab chiqarish madaniyatini joriy qilish, zarur sertifikatsiya, standartlashtirish va ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda amaliy yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Barcha sohalarga tegishli yo‘nalishlarda dual ta’lim tizimi tashkillashtirilib, ishlab chiqarish jarayonida talab etiladigan mutaxassislar tayyorlanadi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritishda kadasr hujjatlariga ega yangi bino-inshootlar quriladi.
Bino-inshootlar to‘liq zarur infratuzilma bilan ta’minlanib, hududdan chiqmasdan barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, bu yerda ilmiy-tadqiqot markazi (R&D center), kovorking va biznes, ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun marketing tadqiqotlari markazi tashkil etiladi.
Ishlab chiqarish korxonalari vertikal tizim asosida joylashtiriladi. Hududda barcha qulayliklariga ega mehmonxona, shuningdek, logistika markazi yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent shahar Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining “Spot"ga ma’lum qilishicha, Botanika bog‘i yonida joylashgan Yunusobod kichik sanoat zonasi renovatsiya qilinadi.
“Golden Pages” biznes-ma'lumotnomasiga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi kichik sanoat zonasida 29ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun mavjud emasligi sabab, loyihaning huquqiy asosi qanday bo‘lishi haqidagi “Spot” muxbirining savoliga mutasaddi qurilish ishlariga Toshkent shahar hokimining qarori asos bo‘lishini aytdi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish uchun yer uchastkalarini E-auksion platformasi orqali auksionga qo‘yish rejalashtirilgan.
Joriy yilning aprel oyida davlat rahbarining ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish va hukumatga kiritish topshirilgan.
Avvalroq Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilishi haqda xabar berilgandi. EIZ hududi 210,4 gektar maydonga kengaytirilib, 2026-yilgacha bu yerda $1 mlrdlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi.