Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda so‘nggi uch yilda Qo‘qonda bor-yo‘g‘i 630ta xonadonli 17ta ko‘p qavatli uylar qurilgani shahar ehtiyoji uchun yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurishga shaharlar atrofidan yer ajratilmoqda. Lekin Qo‘qon, Marg‘ilon kabi shaharlar, tuman markazlaridagi mahallalar qiyofasi eskiligicha qolib ketmoqda.
Shu bois “Yangi O‘zbekiston massivi” loyihasi mahallagacha tushirilishi belgilandi. Bunda shahar va tuman markazlarida 5tadan eski mahallalar tanlab olinadi. Ularda 7−10 qavatli uylar qurish uchun xususiy sektor jalb qilinadi, uylar birinchi galda ushbu mahalla aholisiga beriladi.
Mutasaddilarga Qo‘qondagi birinchi “Mahalla massivi” qurilishini boshlash uchun joy tanlash va loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Qo‘qondagi “Tepaqo‘rg‘on” arxeologik yodgorligini turistlar uchun jozibador marshrutga aylantirishga 10 mlrd so‘m ajratiladi.
Yangi o‘quv yilidan Qo‘qon universiteti turizm fakultetida Italiya, Fransiya va Shveysariya o‘quv dasturlari joriy qilinadi, xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.
Dushanbadan boshlab yangilangan Qo‘qon aeroportidan Toshkentga har kuni, Samarqand, Buxoro va voha shaharlariga esa har hafta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
So‘nggi besh yilda Marg‘ilonda 1 164ta xonadonli 33ta uy qurilgan. Hozirni o‘zida 5 mingta xonadonga talab mavjud.
Shu sabab, shaharda 30 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi, savdo kompleksi va biznes markazi, 2ta maktab, 6ta bog‘cha va 2ta klinika quriladi.
Bundan tashqari, 20 gektar hududga “Burxoniddin Marg‘iloniy bog‘i” ko‘chiriladi, yana 50 gektarda sanoat zonasi tashkil qilinadi.
Marg‘ilonga har yili 250 ming ichki va 75 ming xorijiy turistlar kelmoqda. Hududda 5ta mehmonxona, Shoirlar va san’atkorlar xiyoboni, Maqom teatri, 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi.
Shuningdek, Pichoqchi mahallasidan joy berilsa, mahalliy tadbirkorlar 240 o‘rinli 2ta mehmonxona qurish va hududni turizm maskaniga aylantirish taklifini bergan.
Umuman, Marg‘ilon hokimligiga aytilgan imkoniyatlar hisobiga joriy yilda tumanga $300 mln investitsiya jalb etish va 50 ming yangi ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Farg‘onada sayyohlik halqasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrida 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi.