12-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgandi.
Unda viloyatda tovar aylanmasi $10 mlndan oshgan 122ta korxona paydo bo‘ldi. Farg‘ona korxonalari 60ta yangi bozorga kirib bordi.
Viloyatdagi ba’zi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3ta loyihani ishga tushirish 4−5 yildan beri cho‘zilib kelayotgani tanqid qilinib, mas’ul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Ro‘yxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish o‘rinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot"dan dalolat berishi qayd etildi. Mutasaddilarga bu holatlarni o‘rganib, “soyadan” chiqishga ko‘maklashish topshirildi.
So‘nggi yetti yilda mamlakat sanoati 1,6 barobar o‘sgani bilan, Farg‘ona bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatda eng oxirgi o‘rinda. Viloyat sanoatining yarmi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari, Uchko‘prik tumaniga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini o‘rtacha $207ga ko‘paytirgan. Lekin bu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshloq, Dang‘ara, Yozyovon, Rishton va Uchko‘prik ancha orqada.
Mutasaddilarga meva-sabzavot eksporti va paxtani qayta ishlashda ham kamchiliklar borligi, bu boradagi rejalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tannarx balandligi uchun Farg‘onadagi sement zavodlarining mahsulotlari import bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi. Oqibatda 10ta sement zavodi quvvatining uchdan birida ishlayapti.
Bu viloyat hokimi o‘rinbosarlari korxonalardagi tannarx va energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha ishlamayotganidan dalolat.
Shu yilni o‘zida viloyatda 9 ming xonadonli 220ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilayapti. Viloyatdagi 36ta temir-beton korxonasi quvvati bu qurilishlarning 50 foiz ehtiyojini qoplashga yetadi, xolos.
Ya’ni, quruvchilar mahsulotini boshqa viloyatdan olib kelayapti. Shu munosabat bilan yil yakunigacha temir-beton korxonalarini ko‘paytirish shartligi ta’kidlandi.
Bu yil “Tashabbusli budjet” doirasida Farg‘onadagi 266 ta loyihaga 340 mlrd so‘m ajratildi. Lekin uch oydan beri ko‘plab loyihalar bo‘yicha hali amaliy ish boshlanmagani qattiq tanqid qilindi.
Shu oyni o‘zida “Tashabbusli budjet"ga viloyat budjetidan hozirgacha berilmagan mablag‘larni o‘tkazib berish topshirildi. Buning hisobiga 35ta mahalladagi elektr, gaz va yo‘l masalasi hal bo‘ladi.
Umuman, tumanlar mahalliy budjetida mablag‘ni ko‘proq qoldirish maqsadida jismoniy shaxslardan daromad solig‘ini yarmini tuman budjetida qoldirish masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
Endilikda viloyat rahbariyatining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha Farg‘onada yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Viloyat hokimining o‘zi va har bir o‘rinbosari, 19ta tuman va shahar hokimi kuniga kamida 5tadan tadbirkor va xorijiy investorni qabul qilib, ularni muammosini hal qiladi.
Ular har hafta televideniye, radio orqali aholi va tadbirkorlarga bo‘layotgan o‘zgarishlarni aytib boradi. Yil yakunida ularning faoliyati sarhisob qilinib, tegishli chora ko‘riladi.
Viloyat kengashi deputatlari ham komissiya tuzib, har bir raqamni nazoratga olishi muhimligi qayd etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham tizimni o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi. Mahalla yettiligida qanday ishlash kerakligi bo‘yicha tajriba to‘plandi, ularga bank-moliya instrumentlari bilan ko‘maklashish joriy qilindi. Shu bilan birga, tizim kengaygan sari yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda.
Ehtiyojmand aholi daromad manbai bilan ta’minlanmasa, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta murojaat etishi ko‘rsatib o‘tildi. Endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bitta, ya’ni Ijtimoiy himoya agentligi tizimida bo‘ladi.
Avvalroq 15-iyuldan Qo‘qon aeroportidan Toshkent, Samarqand va Buxoroga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Yangi o‘quv yilidan Qo‘qon universitetining turizm fakultetida Italiya, Fransiya va Shveysariya o‘quv dasturlari joriy qilinadi.