Rossiyada “YouTube” videoxostingi ishida sekinlashuv kuzatilmoqda. Bu haqda “Rostelekom” davlat internet provayderi xabar berdi.
Operator “Alphabet” kompaniyasining mahalliy serverlari faoliyatidagi “texnik muammolar"ga ishora qildi.
Ular “Google” xizmatlari tarkibini keshlash va ularni yuklab olishni tezlashtirish uchun tarmoq infratuzilmasi va foydalanuvchilararo bo‘g‘inlarga o‘rnatiladi.
“Ushbu uskunaning ishlashi bilan bog‘liq muammolar va qayta ishlangan trafik hajmining o‘sishi sharoitida uni kengaytirishning mumkin emasligi tufayli mavjud quvvatlarning haddan tashqari yuklanishi mavjud”, dedi “Rostelekom”.
"Alphabet"dan videoxostingga kirish va videolarni yuklab olish tezligi bilan bog‘liq muammolar barcha operatorlar abonentlariga ta’sir qilishi mumkin, deya aniqlik kiritdi kompaniya. Muammolarni hal qilishning mumkin bo‘lgan vaqtlari aniqlanmagan.
12-iyul kuni ertalab “Mash” “Telegram” kanali rossiyalik foydalanuvchilarning “YouTube"ga kirishi yomonlashgani haqida ogohlantirdi.
“Meduza” telekommunikatsiya sohasidagi manbasiga tayanib, Rossiya hukumati mamlakatda xizmat ko‘rsatishni sekinlashtira boshlaganini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiyaning “Rteam” IT-kompaniyasi “Platforma” deb nomlangan “YouTube"ning yangi mahalliy analogi taqdimotini o‘tkazagni haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda taqdim etilgan slaydlarga ko‘ra, “Platforma” interfeysi “YouTube” interfeysini to‘liq takrorlaydi.
Asosiy sahifada tavsiyalar tasmasi bo‘ladi, shuningdek, videolarni qidirish, vertikal videolar tasmasi (Shortsga o‘xshash) va saqlangan hamda yoqtirgan videolar bo‘limi bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, o‘lchamlari 4K gacha bo‘lgan videolarni “Platforma"ga yuklash mumkin bo‘lib, rus va ingliz tillari uchun avtomatik subtitrlar qo‘llab-quvvatlanadi.
“Platforma"ning algoritmlari Rossiyaga tegishli videolarni taklif qiladi va albatta zararli kontentni blokirovka qilish uchun o‘z tizimi bo‘ladi.
“Rteam” bosh direktori Andrey Talyzinning ta’kidlashicha, “Platforma” sekundiga 240 mingta so‘rovga dosh bera oladi.
Bundan tashqari, barcha kontentni boshqa saytlardan, masalan, “YouTube”, “RuTube” yoki “VK Video"dan o‘tkazish uchun yordamchi dastur mavjud.