Mirobod tumanida Toshkentdagi ikkinchi “gastronomik” ko‘cha tashkil etiladi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan kelib chiqib, joriy yilning 13-iyul kuni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov Taras Shevchenko ko‘chasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda tadbirkorlar turistik ko‘cha loyihasi bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Xususan, mazkur ko‘chada yoritish ustunlarini, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish belgilangan.
Shu bilan birga, Taras Shevchenko ko‘chasida audio musiqa tizimi, otozonalar uchun dekorativ elementlar, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida dekorativ arka va ustunlar o‘rnatish, bolalar o‘yingohi va ko‘rgazmali sahna o‘rnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Undan keyin Toshkent shaharining Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Aprel oyida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan “Gulbozor” mahallasida turizm ko‘chasi ochildi.