Avvalroq prezidentning budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirishga qaratilgan farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan 2025-yildan budjet va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan hududlarga taqsimlangan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etiladi.

Bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarga budjet va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha so‘rovi va nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Har chorakda Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan axborotlar hukumat majlislarida muhokama qilib boriladi.

2025-yildan moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi.

Shuningdek, hokimliklar tuzilmasida ichki audit xizmatlari tashkil etiladi. Hisob palatasiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tizimini joriy etishga, shuningdek, uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish vakolati beriladi.

Davlat moliyaviy nazorati organlari hamda ichki audit xizmatlarining yillik ish rejalariga kiritiladigan moliyaviy nazorat va ichki audit tadbirlari majburiy tartibda Hisob palatasi bilan kelishiladi.

Vazirlik va idoralarga, Markaziy bank va banklardan budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘larini oluvchilarning budjet va davlat qarzi mablag‘larining harakatiga doir ma’lumotlarni markazlashgan tartibda so‘rab olish vakolati beriladi.

Shuningdek, Hisob palatasida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Mudofaa majmui va huquq-tartibot organlari xarajatlarini audit qilish sho‘basi;
  • Xalqaro standartlar asosida davlat auditini tashkil etish sho‘basi;
  • Tadqiqot, ekspert-tahlil va o‘quv markazi (Tadqiqot markazi).

G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga quyidagi vazifalar yuklandi:

  • davlat xaridlari sohasida qonun buzilishi holatlari aniqlanganda, to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatish (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlar bundan mustasno), shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qaytarish, uni bekor qilish va qonun buzilishi holatlari mavjudligi to‘g‘risida davlat buyurtmachisiga hamda davlat moliyaviy nazorati organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabarnoma yuborish;
  • moliyaviy operatsiyalarning barcha jarayonlarida shubhali holatlar bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini 3 ish kunida xabardor qilish;
  • ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar bo‘yicha muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorliklar hisobini yuritish hamda har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasigacha Hisob palatasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tegishli ma’lumot taqdim etib borish.

Joriy yilning 10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev budjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.