“IT Park” “Local2Global: Gateway to Korean Market” dasturiga tanlov e’lon qildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha “IT Park” rezidentlarini Koreya bozoriga o‘z faoliyatini kengaytirish va yirik kompaniyalardan autsors buyurtmalarini jalb qilishga qaratilgan.
Hozir Koreya texnologik kompaniyalari IT va biznes-jarayonlari autsorsingi sohasida hamkorlar izlashmoqda.
Dastur ishtirokchilari kompaniya targ‘ibotini amalga oshirish uchun professional maslahat olishlari, konferensiyalarda qatnashish va yirik kompaniyalar tajribasini olishlari mumkin.
Bundan tashqari, ular potensial mijoz kompaniyalar bilan uchrashuvlarni tashkil etishga ko‘maklashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dasturda ishtirok etish uchun arizalar joriy yilning 1-avgustigacha my.it-park.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Bunda saytdagi rezident kabinetiga o‘tib, “Local2Global” funksiyasi yordamida ariza jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Har bir “Local2Global” ishtirokchi kompaniyasiga dasturdan o‘tgandan so‘ng eksportni rivojlantirish rejasi qo‘yiladi va mentor biriktiriladi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi. Unda mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro miqyosga olib chiqish bo‘yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Undan keyin qabul qilingan prezidentning tegishli qarori bilan, mazkur “Local to Global” loyihasini amalga oshirish belgilandi.