Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik san’atkorlar tomonidan yo‘lovchi poyezdlarda konditsioner tizimi ishlamayotganligi haqida xabarlar tarqalgandi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi bu bo‘yicha munosabat bildirib, holat 12-iyul kuni Xiva-Andijon yo‘nalishida harakatlanganini, yo‘l davomida poyezd vagonida texnik nosozlik aniqlanganini, yo‘lovchilar vaqtincha boshqa vagonga o‘tkazilganini qayd etdi.
Kompaniya yo‘lovchilardan sovutish tizimi ishlamayotganda vagon kuzatuvchilariga, agar muammo yechim topilmasa, poyezd boshlig‘iga murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidladi.
13-iyul kuni kompaniya mazkur holat yuzasidan yana bir bayonot e’lon qildi. Unda mazkur vagonga o‘rnatilgan sovutish tizimi, texnik shartlarga ko‘ra, tashqi havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovutish samaradorligi yo‘qolishi aytilgan.
“Hozirgi kunlarda mamlakatimiz hududi bo‘ylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovutish tizimlarida nosozliklar kuzatilmoqda. Video lavhaga tushirilgan poyezdning yo‘l davomida havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketganligi sababli sovutish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovutilmagan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, poyezd Toshkent-Janubiy vokzaliga yetib kelganidan so‘ng, unga qo‘shimcha qilib, soz holatdagi vagon ulangan va yo‘lovchilar bu vagonga o‘tkazilgan.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun kerakli choralar ko‘rilib, sifatli texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari olib borilayotganligini va vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganligini ma’lum qiladi.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov esa kompaniya bayonatida bildirilgan fikrlarni rad etib, yil boshidan buyon O‘zbekistonda hali anomal issiqlik kuzatilgani yo‘qligini va “O‘zgidromet” ham bu borada haligacha ogohlantirish xabari e’lon qilmaganini aytdi.
Raqobat qo‘mitasi holatni o‘rganish va aniqlik kiritish bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ga tegishli tartibda so‘rov yuborganini ma’lum qildi. Hozirda qo‘mita tomonidan bu kabi holatlar yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Yuqoridagi holatlar ham shu o‘rganishlar doirasida ko‘rib chiqilishini va ushbu holatlar qo‘mitaning nazoratiga olinganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek,o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari"ga nisbatan ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, korxona “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markazi uchun elektr energiya tariflarini oshirib qo‘llagan va 115 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblangan.