Avvalroq “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda Xitoyda ommabop bo‘lgan “E2”, “Seagull” va “Yuan” modellarini ishlab chiqarish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Undan keyin, mamlakatda aholining yengil avtomobillarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet avtomobillarini ishlab chiqarishga kelishilgandi.
Xususan, ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan modellar orasida “BYD Seagull” va “E2” bo‘lib, hamkorlar tomonidan ularning birinchi namunalari sinov laboratoriyalarida tekshirilmoqda. Bu haqda “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.
Sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida mazkur avtomobillar “UzTest” davlat muassasasining “Quality and Safety Testing” sinov laboratoriyalari kompleksiga topshirildi.
Sinovlar umumiy texnik reglament talablariga asoslanib o‘tkazilmoqda hamda unda elektromagnit moslik, tormoz tizimi samaradorligi, ichki va tashqi shovqin darajasi, isitish va sovutish tizimlari, boshqaruvchanlik va barqarorlik hamda yoritish tizimi kabi ko‘rsatkichlar tekshiriladi.
Bundan tashqari, Texnik reglament agentligi bilan O‘zbekiston bozoriga taklif etiladigan avtomobillar uchun yangi standartlar ishlab chiqilmoqda.
Mazkur standartlar xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari, xalqaro ekologik standartlarga muvofiqlik, xavfsizlik talablariga rioya qilish, shuningdek, yangi energiya manbalaridagi avtomobil akkumulyatorlarini xavfsiz qayta ishlash va utilizatsiyani o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, avtomobillar sinovi zavodda ishlab chiqariladigan mahsulot turlarini kengaytirish bilan birga, “ularning yuqori sifatini hamda barcha zarur xavfsizlik va ekologik standartlarga muvofiqligini ta’minlashga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi”.
Joriy yilning 27-iyun kuni Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida elektromobillarni ishlab chiqarish boshlandi. Hozirda “Chazor” va “Song Plus Champion” modellari ishlab chiqarilmoqda.
Loyiha qiymati $160 mlnga baholanib, shundan joriy yilda $120 mln sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan. Prezident mart oyida “BYD” elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga, mahalliylashtirish darajasini esa 60%ga yetkazish bo‘yicha topshiriq bergandi.