Iyun oyida Markaziy bank 11ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarda 42ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, o‘tgan oyda ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 28ta masala ko‘rib chiqildi.
Shundan 5tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2tasi mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish hamda 9tasi mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish kabilar borasida bo‘lgan.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 14ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan 11ta bank, 1ta mikromoliya tashkiloti va 1ta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Bunga o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi, taqdim etilgan ma’lumotlarda noaniqliklarga yo‘l qo‘yilganligi hamda tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.
Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralar ko‘rish, prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga amal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
May oyida ham Markaziy bank 11ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi. 1ta mikromoliya tashkilotining kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyatini uch oyga chekladi.