Soliq qo‘mitasi sun’iy intellekt bazasida yaratilgan “DavrOn” virtual yordamchisini ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yordamchi ai.soliq.uz manzilida joylashgan bo‘lib, 24/7 rejimida ishlaydi hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida muloqot qila oladi.

Uning yordamida soliq to‘lovchilar soliq va soliqqa tortish masalalarida ma’lumot hamda personal maslahatlar olishlari mumkin.

Uch oy davomida yaratilgan virtual yordamchida Soliq kodeksi, prezident va hukumat qarorlari, me’yoriy hujjatlar va yo‘riqnomalarning 11 mln belgidan iborat bazasi yaratildi.

Shu bilan birga, unda soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblar ham mavjud.

Virtual yordamchi Soliq qo‘mitasining SI texnologiyalaridan foydalanadigan uchinchi xizmati hisoblanadi. 2022-yilda soliq to‘lovchilarni masofadan identifikatsiya qilish bo‘yicha Face ID xizmati joriy etilgan.

Shuningdek, sun’iy intellekt yuk avtotransport vositalari monitoringi tizimida ham qo‘llaniladi. Kompyuterning ko‘rish modeli yuk mashinalarini boshqa texnikalardan ajratish uchun maxsus kameradan olingan tasvirlardan foydalanadi.