Hukumatning 6-iyuldagi tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda siqilgan gazni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali sotishni to‘liq raqamlashtirgan holda ulardan noqonuniy foydalanish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan.
Joriy yilning 1-sentabridan neft, gaz (shu jumladan siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.
Yangi AGTKShlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga muvofiq beriladi.
Litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak:
- AGTKSh orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganligini tasdiqlovchi hujjat;
- Energetika vazirligining gaz “zapravka” orqali siqilgan gaz sotish bo‘yicha yangi litsenziya olish Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvini tasdiqlovchi taqdimnomasi.
Amaldagi litsenziatlar uchun “Uzinfocom” avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025-yildan boshlab majburiy hisoblanadi.
Joriy yilning 1-iyunidan bir kub metr metan gazning eng baland narxi 3750 so‘m qilib belgilangandi. Mazkur narx 1-avgustgacha amal qiladi.
Shuningdek, 1-iyundan AGTKShlarga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshirilishi, 2025-yilning 1-aprelidan esa 2 500 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangan.