Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” (Anglesey Food) supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mita “Korzinka” tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx — Korzinkada”, “…Eng unumlisiga keling!” mazmunidagi reklamalarda foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan jumlalardan foydalanilganligini qayd etdi.
Mazkur reklama axborotidagi ma’lumotlarni o‘rganish natijasida, aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan ma’lum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan katalog joriy qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Bu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmog‘i hamda dehqon bozorlaridagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra solishtirilib, taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olinganligi aniqlandi.
Xususan, “eng arzon narx” deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmaydi.
Qo‘mitaga ko‘ra, reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi birinchi qismi va “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Korzinka"ga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Bundan oldin san’atkorlar ketayotgan poyezd konditsioneri ishlamagani yuzasidan Raqobat qo‘mitasi holatni nazoratga olgandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” anomal issiq havo harorati sabab ayrim vagonlarning sovutish tizimlarida nosozliklar kuzatilayotganini bildirdi.