Bandlik vazirligi fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oila-a'zolariga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish tizimini yaxshilash, yordamga muhtoj bo‘lgan oilalar bilan manzilli ishlashni tashkil etishga qaratilgan.
Xususan, joriy yilning 1-oktabridan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari miqdorida (680 ming so‘m) bir martalik moddiy yordam berish rejalashtirilmoqda.
Mablag‘lar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan taqdim etiladi.
Moddiy yordam mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasi asosida ajratiladi.
Xorijda ishlayotgan fuqarolarning reyestrda ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Shuningdek, ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma taqdim etiladi.
Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasi bilan reyestrda bo‘lgan, daftarlardan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
Yordam pullari va yo‘llanmalar mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Xorijda ish” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi. Buning uchun talabgorlar mazkur dasturiy majmuasi orqali murojaat qiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi talabgorlardan elektron murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab, 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga javob berishini qo‘shimcha hujjatlarni so‘ramasdan tekshiradi. Shuningdek, hokim yordamchilari va mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan yozma tavsiyanoma oladi.
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 27-iyuligacha qabul qilinadi.
O‘zbekistondagi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlar
Joriy yilning aprel oyida mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilashga qaratiligan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarni qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, 1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Bunda, xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilmoqda. Kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Migratsiya bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilingan pedagoglarga 100%gacha ustama beriladi. Kasblar bo‘yicha ta’lim oluvchilarning chet tilidan sertifikati mavjud bo‘lsa, sarflangan xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.
O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkin. Mamlakat haydovchilik, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalardagi 130 mingdan ortiq ishchi kuchini O‘zbekistondan jalb qilmoqchi.