Joriy yilning olti oyida 3,5 mlndan ortiq chet el fuqarolari O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Yanvar-iyun oylarida turistik maqsadda kelgan xorijliklar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 415,6 ming nafarga yoki 13,3%ga oshgan.
Bu davrga kelib, sayyohlarning eng ko‘p oqimi Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi — 1,05 mln nafar. Undan keyingi o‘rinda 1,04 mln nafar turist bilan Tojikiston turibdi.
Shuningdek, uchinchi o‘rinda 668,4 ming nafar sayyoh bilan Qozog‘iston joylashgan bo‘lsa, Rossiyadan kelgan sayyohlar soni 364,5 ming nafarni tashkil etdi.
Turkmanistondan dastlabki olti oyda 67,2 ming nafar, Turkiyadan — 51,9 ming nafar, Xitoydan esa 28,7 ming nafar turist O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, ular qatorida Hindiston (28,2 ming nafar), Janubiy Koreya (19,6 ming nafar), Italiya (17,7 ming nafar) hamda boshqa mamlakatlardan (181 ming nafar) turistik maqsadlarda kelgan sayyohlar bor.
Dastlabki besh oyda kelgan sayyohlar soni bo‘yicha eng ko‘p turistlar soni Tojikistonga to‘g‘ri kelgandi.
Avvalroq Farg‘onada sayyohlik halqasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrida 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi.