Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Talabalar o‘qishini quyidagi oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha ariza berishlari mumkin:
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000ta o‘rindan birini egallagan);
- O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan;
- xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining O‘zbekistondagi filiallaridan.
Xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar my.uzbmb.uz saytining “O‘qishni ko‘chirish (xorijiy va nodavlat)” bo‘limi orqali amalga oshiriladi.
Bunda, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ham arizalar qabul qilinmoqda.
Arizalarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining transfer.edu.uz sayti orqali jo‘natish mumkin.
Bunda, bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir oliy ta’lim muassasasi doirasida o‘qishni ko‘chirish 2ta uzrli sababga ko‘ra amalga oshiriladi.
Xususan, talabalar mamlakatning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududga ko‘chib o‘tganda o‘qishni ko‘chirishga ariza bera oladi.
Barcha platformalar bo‘yicha arizalarni 5-avgustgacha jo‘natish mumkin. O‘tish ballari havolada keltirilgan.
OTMlarga kirish imtihonlari 14-iyuldan boshlandi. Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etilib, 1-smena soat 08:00da, 2-smena 15:00da boshlanadi.