Andijon shahrida alyuminiy mahsulotini qayta ishlab chiqarish sexi 6,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyati hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbirda Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan “B.S.Z.” MChJ hududida fuqaro Y.A. ijara asosida alyuminiy mahsulotini qayta ishlash sexi tashkil etib, hujjatlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz tarmog‘iga ulanganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga 6 mlrd 782 mln so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq Toshkent viloyatida 668 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, 3ta yuridik iste’molchi shartnoma va loyiha hujjatlarisiz gaz tarmog‘iga ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Joriy yilning olti oyida 550 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida ma’lum qilindi.

O‘tgan davrda 163,3 mln metr kub tabiiy gaz va 220,7 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha aniqlangan 75ta holat bo‘yicha elektr ta’minoti korxonasi tomonidan jami 81,6 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilindi.