Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bunda elektrosamokatlar, skuter, moped hamda velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasida boshqaruvchi tomonidan sodir etilgan harakatlar nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan holat muayyan qisqa muddat davomida qaror qabul qilinmagan taqdirda, huquqiy oqibatini keltirib chiqarmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilganda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, ishni ko‘rib chiqish bekor qilinishini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Bunda maxsus kameralar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga (huquqbuzarga emas) 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rib chiqish tugatiladi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Qayd etilishicha, bu yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinishi hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash orqali fuqarolarning qonuniy manfaatlari samarali himoyalanishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning aprel oyida Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishgandi. Undan oldin esa, Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqqandi.