Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi.
Mutasaddilar 2024/2025 o‘quv yili uchun OTMlarga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha axborot berdi. Joriy yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, IT yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda.
To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Davlat rahbari OTMlarga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakat rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi.
Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, yangi laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi.
Davlat rahbari tarmoq, korxona va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda. Uning faoliyati 2024/25 o‘quv yilidan boshlanadi.
Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, IT, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi.
Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi. Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi.
Iyun oyida prezident raisligida muhandis kadrlarni tayyorlashdagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi. 10ta oliygohda oliy muhandislik maktablari ochiladi.