Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” (Anglesey Food) supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.
Bunga “eng arzon narx” deya e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlaridagi narxlardan farq qilmasligi sabab bo‘lgan.
16-iyul kuni mazkur ish bo‘yicha tinglov o‘tkazilib, unda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i tomonidan Raqobat qo‘mitasiga ma’lumotlar taqdim etildi. Bu haqda supermarketlar tarmog‘ining matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, tarmoq bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” dasturi yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur dastur joriy yilning may oyidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi hisoblanadi va kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilgan.
“Dastur vaqtinchalik aksiyalardan farqli o‘laroq, muntazam ishga tushirilgan va u asosiy tovarlarga nisbatan ustamani sezilarli kamaytirish orqali xaridorlarimiz uchun qo‘shimcha qiymat yaratishni ko‘zlaydi”, — deydi Rud Pedersen
Uning ta’kidlashicha, tarmoq do‘konlarida eng past narxlarni belgilashda bozor va supermarketlar hamda boshqa chakana savdo nuqtalaridagi narxlar muntazam kuzatib boriladi, tovarlarning sifati va saqlash sharoitlariga e’tibor beriladi.
“Eng arzon narx” katalogida keltirilgan tovarlar savatchasiga eng arzon narxlar belgilanadi va ayrim turdagi tovarlar narxi ba’zan bozorning boshqa ishtirokchilari bilan teng bo‘lishi kabi holatlar uchrab turishi mumkin.
Bundan tashqari, boshqa supermarket va savdo nuqtalarining qisqa muddatli aksiyalari davomida ma’lum bir alohida tovarlar bo‘yicha bir xil narx bo‘lishi ham mumkin.
“Biz qonunchilikni hurmat qilamiz hamda reklama, iste’molchilar huquqlariga oid barcha me’yor, qoidalarga rioya qilishda sobitqadammiz va hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymadik, deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidladi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen.
Shuningdek, u eng arzon narxlardagi tovarlar tanlovini muntazam va har kun taklif etish mahalliy chakana savdo madaniyatidagi yangi yondoshuv ekanini ta’kidladi.
“Biz qo‘mitada mazkur vaziyat bo‘yicha savollar vujudga kelganini tushunishimiz mumkin va hamkorlikka ochiqmiz, ham o‘z pozitsiyamizni oydinlashtirish, ham ijtimoiy mas’uliyatlarni zimmamizga olishdan xursandmiz” — dedi Rud Pedersen.
Avvalroq temir yo‘l poyezdida konditsioner ishlamay qolgani bo‘yicha holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” anomal issiq havo harorati sabab ayrim vagonlarning sovutish tizimlarida nosozliklar kuzatilayotganini bildirdi.