Joriy yilning 14-iyulidan 2024−2025-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari boshlandi.

15-iyul kuni esa birinchi kun natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, test sinovida ishtirok etgan abituriyentlar o‘z natijalarini 3 xil usulda bilishlari mumkin.

my.uzbmb.uz saytining “Natijani olish” bo‘limidan pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritgan holda aniqlash imkoniyati mavjud.

mandat.uzbmb.uz saytidan foydalanishda esa, abituriyent qayd varaqasi yoki abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan abituriyentning ID raqamini kiritib, natijalarni oladi.

Bilimni baholash agentligining quyidagi Telegram-botlaridan ham foydalanish mumkin:

Mazkur botlardan foydalanishda abituriyent qayd varaqasi yoki ruxsatnomasida ko‘rsatilgan abituriyentning ID raqamini yuborishi kerak.

Test sinovlari 73ta yopiq turdagi katta sig‘imli binolarda o‘tkazilmoqda. Imtihonlar 12 kun davom etadi.

Ota-onalar va keng jamoatchilik test jarayonlarini test2024.uz platformasi orqali onlayn kuzatib borishlari mumkin.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Murojaatlar markazi (Call-center) xizmati tashkil etilgan.

Qabul jarayonlari, kasbiy (ijodiy) intihonlar va talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha savollarga +998712306464 telefon raqami orqali javoblar olish mumkin.

“Call-center” xizmati yakshanba kunidan tashqari har kuni soat 9:00dan 17:00gacha (tushlik 13:00—14:00) faoliyat ko‘rsatadi.