Markaziy bank 2024-yilning 2-choragi yakunlari bo‘yicha respublikadagi ko‘chmas mulk bozorini tahlil qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning mazkur davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi faollik biroz sekinlashdi.
Oldi-sotdi bitimlarida ushbu davrga xos bo‘lgan mavsumiy o‘sish sur’atlari kuzatilmadi va 1-chorakdagi ko‘rsatkichlar doirasida shakllandi.
Aprel-iyun oylarida 80,1 mingta oldi-sotdi bitimi tuzilgan bo‘lib, oldingi davrlarda narxlar yuqori o‘sishi sharoitida faollik nisbatan baland bo‘lgan hududlarda, ya’ni Toshkent shahri (-8%), Buxoro (-10%), Navoiy (-26%) va Toshkent (-12%) viloyatlarida bitimlarning sezilarli pasayishi davom etmoqda.
Faollikning sekinlashishi ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatning barqarorlashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Jumladan, turar-joy bo‘yicha taklif oshishda davom etmoqda. Narxlarning muvozanatlashuvi sharoitida xaridorlar tomonidan oldingi davrlarda sotib olingan uy-joylar ikkilamchi bozorda sotuvga yoki ijaraga berilishi bo‘yicha e’lonlar joylashtirilmoqda.
Uy-joy ijarasi narxlari
Turar-joy ijarasi bozoridagi faollik jilovlanib, yil boshidan buyon narxlarda pasayish dinamikasi saqlanib qoldi.
Jumladan, Toshkent shahrida turar-joy ijarasi narxlari qolgan hududlarga qaraganda nisbatan tezroq pasaymoqda.
Respublika bo‘ylab turar-joy ijara narxlari yillik sur’atda iyun oyida so‘m indeksida 12,3%ni (dollar indeksida — 2,1%) tashkil etdi.
Toshkent shahrida turar-joy narxining so‘m indeksi yillik 1,2%ga pasaydi (dollar indeksida — 10,3%).
Ikkilamchi uy-joylar sotuvi
Yil boshidan buyon ikkilamchi uy-joylarni sotish bo‘yicha e’lonlar soni 12,7%ga, ijaraga berish bo‘yicha esa 18,4%ga oshgan.
Shu bilan birga, talab darajasi ham uy xo‘jaliklari daromadlarining maqbullashishi, ipoteka kreditlari o‘sish sur’atining sekinlashishi, bazaviy inflyatsion jarayonlar va almashuv kursining nisbatan barqarorlashuvi sharoitida muvozanatlashgan.
Spekulyativ talabning qisqarishi kelgusida ko‘chmas mulk bozorining to‘g‘rilanishiga qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ikkinchi chorak davomida turar-joy ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning oylik o‘sish sur’atlari sekinlashib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pastroq bo‘ldi.
Joriy yilning 6 oyi davomida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining o‘sishi so‘m indeksida 4,5%ni (2023-yil yanvar-iyun oylarida 11,8%), birlamchi bozorda 7,2%ni (2023-yil yanvar-iyun oylarida 10,9%) tashkil etdi.
O‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligida kuzatilgan yuqori narx effektining saqlanib qolayotganligi ta’sirida yillik hisobda uy-joy narxlari o‘sishi iyun oxirida so‘m indeksida 26,3%ni (dollar hisobida — 14,7%) tashkil etdi. Birlamchi bozorda narxlarning o‘sish sur’atlari nisbatan barqarorligicha qolmoqda.
Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko‘chmas mulk bozorini tahlil qilgandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida iyun oyida faollik 6,4%ga pasaygani qayd etildi.