Joriy yilning 15-iyul kunidan e’tiboran Tailand hukumati 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun, 60 kungacha vizasiz kirish rejimini rasman joriy qildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, muqaddam Tailandga fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 57ta edi.
Ro‘yxatga yangi kiritilgan 36ta davlat qatorida Xitoy, Hindiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor.
Yangi tartib barcha chegara postlari orqali Tailandga tashrif buyuruvchilar uchun amal qiladi.
Mazkur tartib Tailand hukumati tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir tomonlama joriy etildi va ma’lum muddatdan so‘ng bekor qilinishi ham mumkin.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Tailand o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan hukumatlararo kelishuvlar yuzasidan muzokaralar davom etmoqda.
15-iyulga qadar O‘zbekiston fuqarolari aeroportga kelganlarida $60 evaziga 15 kunlik turistik viza olishlari mumkin edi.
Tailand hukumati bir qator mamlakatlardan kelgan sayyohlar uchun viza talablari bekor qilinishini may oyida ma’lum qildi.
Avvalroq “Spot” O‘mon sultonligi O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.
Endilikda o‘zbekistonliklar mamlakatga tashrif buyurganlarida 14 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin.