“UzAuto Motors” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan davlat xaridida qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya tomonidan joriy yilning 8-iyul kuni o‘tkazilgan 1,3 mlrd so‘mlik tanlovda yaqin qarindoshlarga tegishli ikkita kompaniya ishtirok etib, g‘olib bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda mazkur xarid jarayonida ishtirok etgan tadbirkorlarning rahbar va ta’sischilari yaqin qarindosh ekanligi, shundan kelib chiqib, mazkur jamiyatlar affillangan shaxslar hisoblanishi ma’lum bo‘lgan.
Xarid komissiyasi tomonidan yuqoridagi davlat xaridlarini amalga oshirishda “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning bir qator talablari buzilganligi sabab, buyurtmachiga xarid natijalarini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi.
“UzAuto Motors” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur tender “Nexia-2” avtomobili eshiklari uchun butlovchi qismlarni yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan.
Holat yuzasidan etender.uzex.uz platformasida o‘tkazilgan tanlov yuzasidan qatnashchilarning hech biri bilan shartnoma tuzilmagan.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, tanlovda “Eko Tsem Komplekt Oborudovanie” kompaniyasi 100 ball va 1,3 mlrd so‘m narx taklifi bilan g‘olib bo‘lgan. “Eko Lit Metall” kompaniyasi esa zaxira g‘olib bo‘lgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Eko Tsem Komplekt Oborudovaniye” MJCH rahbari — Asqarov Abduraxim Mutalovich. Unga raqobat qilishi kutilgan “Eko Lit Metall” kompaniyasi rahbari, o‘z navbatida, ta’sischisi Mutalipov Anvarjon Abduraxim o‘g‘li hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborilganini qayd etdi.
Avvalroq joriy yil oxirigacha davlat xaridlari tizimining mobil ilovalari yaratilishi haqida xabar berilgandi. Kichik tadbirkorlarga import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari qisman qoplab beriladi.