Qo‘qonda “Yandex Go” ovqat yetkazib berish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda “Spot"ga “Yandex Go” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ilova orqali yetkazib berish xizmatidan foydalanib restoranlardan tayyor ovqatlarni uyga yoki ofisga buyurtma berish mumkin.
Foydalanuvchilar uchun “Evos”, “KFC”, “Oqtepa”, “Bellissimo”, “Mini-food” va boshqa ovqatlanish maskanlarini o‘z ichiga olgan taxminan 50ta restoran xizmatga ulangan. Hamkorlar soni doimiy ravishda oshib boradi, bu esa mavjud taomlar tanlovini kengaytiradi.
Xizmatning ishga tushirilishi munosabati bilan Qo‘qon shahri aholisiga uch oy davomida bepul yetkazib berish taklif etiladi.
“Biz uchun turli shaharlarda yaxshi xizmat va keng taomlar tanloviga ega bo‘lish muhimdir. Restoranlar esa ko‘proq mijozlarni jalb qilishlari mumkin. Qo‘qonda yetkazib berish bo‘yicha yuqori talabni ko‘rib, biz ushbu yechimlarimizni taklif qilishdan mamnunmiz, shunda barchaga qulaylik yaratish mumkin”, — deya ta’kidladi “Yandex Eats” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Stanislav Datsko.
Mavjud restoranlar ro‘yxati buyurtma manziliga qarab moslashtiriladi: foydalanuvchi avval yaqin atrofdagi joylarni ko‘radi.
Buyurtma holatini barcha bosqichlarda kuzatish mumkin — ilova buyurtmaning tayyor ekanligi va yetkazib beruvchining qayerda ekanligini ko‘rsatadi.
Xizmatda 24 soat davomida qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud. Agar foydalanuvchi savol bermoqchi yoki fikr bildirmoqchi bo‘lsa, u qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ilova orqali murojaat qilishi mumkin
To‘lovni ilovaga ulangan bank kartasi yoki buyurtmani qabul qilishda naqd pul bilan amalga oshirish mumkin.
Yetkazib berish xizmatlarini hamkor xizmatlar: logistika xizmatlari yoki restoranlarning o‘z kuryerlari amalga oshiradi.
Avvalroq “Spot” “Yandex Go” Toshkentda elektrosamokatlarni ijaraga berish xizmatini ishga tushirgani haqida yozgandi.
Xizmatdan foydalanishning narxi bir daqiqasi uchun 890 so‘mdan boshlanib, foydalanuvchi bitta akkauntdan 3ta samokat bron qilishi mumkin.