Yangiyo‘lda 210 mlrd so‘mlik uy-joylarni ta’mirlash dasturi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.
Prezidentning 2024-yil 8-iyuldagi qarori bilan Yangiyo‘l shahrida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shahar markazini rivojlantirish hamda uni aglomeratsiyaga aylantirish maqsadida shaharning master-rejasini ishlab chiqish belgilandi.
Mazkur qaror bilan “Mezon” mahallasida 1957−1960 yillarda qurilgan 12ta ikki qavatli 140 xonadonli uylar o‘rnida “Renovatsiya” dasturi doirasida qiymati 210 mlrd so‘mlik 14ta 7 va 14 qavatli 586 xonadonli zamonaviy uylar qurilishi nazarda tutilmoqda.
Buning natijasida 2,1 ming aholining turmush darajasi yaxshilanadi, 1,6 ming kvadrat tijoriy mulk paydo bo‘lishi orqali 208ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Mahalliy byudjetga yillik o‘rtacha 77 mln so‘m mulk solig‘i, 700 mln so‘m daromad solig‘i va ijtimoiy soliq tushishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, “Yangihayot” mahallasi hududidagi 15 gektarlik yer maydonida qiymati $30 mlnlik ko‘ngilochar xiyobonini barpo etish rejalashtirilgan.
Bunda shaharga qo‘shimcha 50 ming aholi tashrif buyuradi (yiliga 600 ming), 30dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 400ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, budjetga qo‘shimcha 3,5 mlrd so‘m soliq tushiriladi.
Shaharning “Yangibog‘” mahallasidagi eski chiqindixonaning 8 gektar yer maydoni investorga $1,2 mln sarmoya kiritish sharti bilan kichik sanoat loyihalarini joylashtirish maqsadida ajratib berilgan.
Biroq mazkur hudud qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanganligi bois ajratilgan yer maydonidan 4 yildan buyon foydalanilmasdan kelinmoqda.
Bu yerda kamida $15 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilib, oziq-ovqat mahsulotlarini (bondyuel, baliq va boshqa konservalangan mahsulotlar) ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirishni rejalashtirilgan.
Natijada 200 nafar ish o‘rni hamda $5 mlnlik eksport salohiyati yaratiladi. Budjetga yillik qo‘shimcha 15 mlrd so‘m tushishi ta’minlanadi.
Qayd etilishicha, hozirda 9,5 gektar yer maydonga ko‘p-qavatli uy-joy qurish amalga oshiradigan tashabbuskorlar mavjud.
Mazkur holatga yechim sifatida tashabbuskorlar tomonidan 20ta 7−9 qavatli uy-joylar qurilib, “Yangiyo‘l City” zamonaviy turar joy majmuasi yaratilib, 900ta oila uy-joy bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ushbu qo‘p qavatli uy-joylarning birinchi qavatlarida zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan 100ta xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtirilishi evaziga 300 nafardan ortiq fuqarolarimizning bandligi ta’minlanadi hamda davlat byudjetiga 1,3 mlrd so‘m tushishi ta’minlanadi.
Avvalroq “Spot” Yunusobodda joylashgan kichik sanoat zonasi renovatsiya qilinishi haqida yozgandi.
Yangi sanoat hududida kovorking va biznes, marketing tadqiqotlari markazlari, mehmonxona, shuningdek, logistika markazi tashkil etiladi.