Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilish qurilish va transport kompleksidagi vazifalar muhokama qilindi. Qurilish sohasi yarim yilda 10%ga o‘sib, 80 trln so‘mga yetdi. Shunga qaramay, xotirjamlikka berilmay, qurilishda tannarxni pasaytirish bo‘yicha jiddiy shug‘ullanadigan vaqt kelgani ta’kidlandi.
Qurilish tannarxi faqat yer va qurilish materiallariga bog‘liq emasligi, texnik talablarni moslashtirish, loyihani kelishish, qurilishga ruxsat olishdagi murakkab tartibotlar ham tannarxga ta’sir qilishi qayd etildi.
Bu boradagi jarayonlar takomillashtirilib, tadbirkorlar uchun sharoitlar yaxshilansa, qurilish materiallari, eltexsanoat, ipoteka xizmatlari kabi yondosh sohalar rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov sog‘ligi tufayli lavozimidan ozod etildi, vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Botir Zokirov 1963-yilning 28-iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
U 2018-yilning aprelida Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 2019-yilning sentabrida esa vazirlik rahbari etib tayinlangan. 2022-yil yakuniga kelib, prezidentning tegishli farmoni bilan Botir Zokirov Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlandi.
O‘z navbatida, Sherzod Hidoyatov 2019-yilning sentabrigacha — vazirlikka kelishidan oldin hukumat huzuridagi Tashkent City Xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi direksiyasiga rahbarlik qilgan. Ungacha esa “Akfa” kompaniyalar guruhida qurilish bo‘yicha direktori bo‘lgan.