Qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkaziladi. Bu haqda 17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda inspeksiyasi faoliyatini jonlantirish zarurligi qayd etildi. O‘tgan bir yarim yilda ekspertizasi yo‘q 2,2 ming obyekt qurilishiga asossiz ruxsat berilgan.
O‘tgan yil ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilishi boshlangan 1,6 mingta obyekt aniqlangan. Shundan kelib chiqib, inspeksiya hukumat tarkibiga o‘tkazilishi va vakolatlari kengaytirilishi belgilandi.
Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bunday holatlarni aniqlash uchun Qurilish inspeksiyasining texnik vositalar, shu jumladan dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Yangi qurilish loyihalarida tadbirkorlar elektr va gaz ta’minotiga ulanishi uchun texnik shartlar olish tizimini raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.
Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 896ta loyihaga 20,5 trln so‘m ajratildi. Lekin, yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, 824 mlrd so‘mlik 88ta loyihada qurilish ishlari boshlanmagani ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilarga oqsoqlikni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berildi.
147ta shifoxonani tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, 80ta poliklinika va 67ta shifoxonada, 618ta maktab va 176ta bog‘chada qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakuniga yetkazish shartligi haqida mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.
Yil yakunigacha 2 trln so‘mlik ishlarni bajarib, 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash va beton qoplamali kanallar ulushini 39%ga yetkazish, 13 ming kilometr yo‘l, 195ta ko‘prikni foydalanishga topshirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yilda 2 152ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish rejalaashtirilgan. Buning uchun 9 mingta xonadonli 195ta uy-joy qurilishini tezroq boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablag‘larning samarasini aholi kundalik hayotida his qilishi shartligi ta’kidlandi.
Xususan, hududlarda 2 ming kilometr tarmoq, 99ta suv inshooti va 1ta oqova suv nasos stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avvalroq qurilishdagi qoidabuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bularga yerto‘lada va birinchi qavatda ruxsatsiz qurilish yoki inshootlarni buzish kiradi.