Joriy yilning o‘tgan davrida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti $910 mlnni tashkil qildi. Bu haqda 17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yil yakunigacha reja qilingan eksportni ta’minlash uchun birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin ko‘paytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha 9 trln so‘mlik 382ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlandi.
Yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotni saqlash sig‘imini 63%ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida qishloq xo‘jaligida urug‘chilik tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish choralarini ishlab chiqish topshirildi. Buning uchun $24 mln mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shuningdek, tumanlarda 75 ming gektar samarasiz bog‘lar borligi, har yili 1 ming gektardan bog‘ni tiklash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada yangi tizim joriy qilinib, unga ko‘ra hokimliklar sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun buyurtma beradi, loyihalarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga 30 yilga ijaraga beradi.
Sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Mutasaddilarga 75 ming gektar samarasiz bog‘lar hamda 100 ming gektar past hosilli paxta, g‘alla va boshqa ekin yerlari o‘rnida sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlariga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025-yilning 1-apreligacha uzaytiriladi. O‘tgan yili paxta yetishtirish uchun olingan kreditni muddatida to‘liq qaytargan klasterlarga imtiyozli kreditning 8%i qaytariladi.
Bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga beriladi. Klasterlar sotib olingan paxta tozalash zavodi qiymatining kamida 35%ini to‘lasa, bu mulkni garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Mutasaddilarga chuqur tahlil qilib, iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori bo‘lgan klasterlar maqomini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil boshidan qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni moliyalashtirishga 1,11 trlnso‘m yo‘naltirildi. Bu o‘z samarasini berib, korxonalar to‘liq quvvatda ishlashni boshladi. Hududlarga 5 781ta texnika yetkazib berildi.
Hokimlarga unumdorlikni oshirish uchun paxta, meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50%ga yetkazish topshirildi.
Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlarni yana 6,5 mingta texnika bilan ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Avvalroq qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining bir qismiga subsidiya berilishi ma’lum qilingandi. Buning uchun Agroplatforma axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tish orqali arizalar qabul qilinadi.