16-iyul kuni “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-sentabridan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etiladi. 2025-yilning 1-sentabrigacha mamlakatning qolgan hududlarida ham yo‘lga qo‘yiladi.
Uning doirasida fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona portal, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron amalga oshiriladi.
“Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta bo‘lganlarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Baholash natijalari 2025-yil 1-sentabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi.
Shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega bo‘lmaganda sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi.
Joriy yilning 1-oktabridan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
2025-yilning 1-aprelidan fuqarolarni TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi.
TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi ham bekor qilinadi. TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi.
Shuningdek, 18 yoshdan katta bo‘lganlarga nogironlikni belgilashda uning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimida shakllantiriladi.
2025-yil 1-sentabrdan tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik shaxs sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron belgilanadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya sohasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar bilan tanishgandi. Unda Jahon banki bilan “Inson” loyihasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Joriy yilning 1-oktabridan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish tizimi joriy etilishi belgilangan.