Xitoyning “Exlantix” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

“Exlantix” “Exeed” tarkibiga kiruvchi brend bo‘lib, faqat elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan.

Xitoy brendi O‘zbekistondagi birinchi dilerlik markazini 2024-yil oxirigacha Toshkentda ochishi kutilmoqda. Birinchi bosqichda ES sedani taqdim etiladi.

“O‘zbekiston muqobil energiya sohasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda va biz ham mamlakatga eng yaxshi mahsulot va xizmatlarni taqdim etmoqchimiz”, — deydi “Exeed Uzbekistan” direktori o‘rinbosari Guo Yanlan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi uchtadan ortiq distribyutorlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda. Mamlakat bozoriga qanday kirish borasida o‘rganishlar olib borib, mijozlar fikri asosida qaror qabul qilinadi.

Kompaniyada qayd etilishicha, “Exlantix” avtomobillari E0X elektr platformasida ishlab chiqilgan. Unda 800V tez zaryadlash, diapazonni kengaytiruvchi REEV va tortishish koeffitsienti 0,205 bo‘lgan aerodinamika kabi xususiyatlar mavjud. Bundan tashqari, ES haydovchiga yordam tizimlari (ADAS), transport vositalari interneti (IoV) va uzluksiz yangilanishlar (OTA) bilan jihozlangan.

Bundan qariyb ikki yil avval, “Exeed” brendining O‘zbekiston bozoriga kirishi, bu yerda avtomobil yig‘ish hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari ma’lum qilindi.

2023-yil boshida “Asaka Motors International” kompaniyasi mamlakatda “Exeed” brendini namoyish etishi va mahalliy dilerlik tarmog‘ini rivojlantirishi xabar berildi.

Aprel oyida esa “Exeed” yo‘ltanlamaslarining birinchi partiyasi O‘zbekistonga yetib keldi. Undan keyin, may oyida Sirdaryo shahrida “Exeed” avtomobil zavodi ochildi.


Avvalroq O‘zbekistonda “BYD Seagull” va “E2” elektromobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Hozirda mazkur modellarning birinchi namunalari sinov laboratoriyalarida tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.