Jizzaxda 745,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaliklari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Baxmal, Yangiobod va Paxtakor tumani bo‘limlari tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazildi.
Tekshiruvda ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “M.B.”, “L.M.” hamda “U.S.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari tijorat maqsadida suv nasoslarini elektr hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘llar bilan tarmoqqa ulangani aniqlandi.
Buning natijasida ularning jami 745,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Andijonda 6,7 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, fuqaro ijara asosida alyuminiy mahsulotini qayta ishlash sexi tashkil etib, hujjatlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz tarmog‘iga ulangan.