Qoraqalpog‘istonda aholi xavfsizligi va YTHlar oldini olish uchun ayrim yo‘llarda tezlik pasaytiriladi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan jami 11ta, xususan Ellikqal’a, Xo‘jayli, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Kegeyli, Qonliko‘l, To‘rtko‘l, Amudaryo, Beruniy, Sho‘manoy va Nukus tumanlari hududlaridagi avtomobil yo‘llarining ayrim qismlarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligi ilovaga muvofiq 100 km/soat tezlikdan 70 km/soat tezlikka o‘zgartirilmoqda.

Shuningdek, qaror bilan birgalikda ilovada ko‘rsatilgan yo‘llarda 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” (70) hamda 5.22 “Aholi punktining boshlanishi” va 5.23 “Aholi punktining oxiri” yo‘l belgilarini o‘rnatiladi.

Qayd etilishicha, qaror e’lon qilingan sanadan (16-iyul) boshlab kuchga kirishi belgilangan.

2023-yil 1-apreldan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq “Spot” endilikda maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofida tezlik nazorat qilinishi haqida yozgandi.

Bunda transport vositasining tezligi maxsus moslamalar yordamida nazorat qilinib, tezlik chegarasi 30 km/soat qilib belgilangan hududlarda joriy etiladi.