“Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq qo‘mita tomonidan “Korzinka"ga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi. Bunda aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagilardan farq qilmasligi aniqlangandi.
Qo‘mita matbuot xizmati iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “Anglesey Food” aybdor deb topilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga da’vo kiritiladi. Qo‘mita matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, bu summa BHMning 50−70 barobarini yoki 17−23,8 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.
Shuningdek, mazkur reklama bo‘yicha qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlarni bir oy muddatda bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Bundan oldin, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga bayonot bergandi. Uning qayd etishicha, dastur kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi hisoblanib, kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilgan.
“Biz qonunchilikni hurmat qilamiz hamda reklama, iste’molchilar huquqlariga oid barcha me’yor, qoidalarga rioya qilishda sobitqadammiz va hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymadik, deb hisoblaymiz”, — dedi Rud Pedersen.
Avvalroq prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Raqobat qo‘mitasi bozorda yetishmayotgan mahsulotlar bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi ma’lum qilingandi.