Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Anglesey Food” aybdor deb topilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga da’vo kiritilishi ma’lum qilingandi.
“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i matbuot xizmatining xabar berishicha, Maxsus komissiya qarori va qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar kompaniyaga taqdim etilmagan.
17-iyul kuni qo‘mitada mazkur ish bo‘yicha tinglovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilib, ishni o‘rganishga ko‘maklashilgani qayd etildi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Maxsus komissiya qarori 5 ish kuni ichida taqdim etilishi ma’lum qilindi.
“Biroq ayni vaqtda, Maxsus komissiya qarori va Qo‘mita xabarida ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar kompaniyaga taqdim etilmagan. Shunga qaramay, Qo‘mita ushbu qaror va ko‘rsatmalarni bizga taqdim etgani haqida xabar berdi, bu esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi xabarda.
“Korzinka” kompaniya qonunchilikka zid harakat amalga oshirmagan, deb hisoblashini yana bir bor ta’kidladi. “Qaror matni va ko‘rsatmalar bilan tanishish imkonimiz yo‘q bo‘lgan hozirgi holatda, qo‘mitaning mazkur bayonotini ham asossiz deb hisoblaymiz”, deya qayd etilgan.
Shuningdek, Maxsus komissiya qarori yozma shaklda taqdim etilsa va “Korzinka” unga rozi bo‘lmasa, kompaniya mazkur qaror ustidan 30 kun ichida sudga shikoyat qilish huquqiga egaligi ta’kidlangan.
“Korzinka” matbuot xizmati “Spot” muxbirining sud qaroriga e’tiroz bildirish haqidagi so‘roviga javoban, “bu Maxsus komissiya qarori […] va ko‘rsatmalariga bog‘liq bo‘lishini” bildirdi. Hozirda rasmiy qaror yo‘qligi sababli kompaniya “bu savolga aniq javob bera olmaydi”.
“Eng arzon narx”
15-iyul kuni Raqobat qo‘mita “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bunda aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagilardan farq qilmasligi aniqlangandi.
Undan keyin “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga bayonot berdi. Uning qayd etishicha, dastur kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi hisoblanib, kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilgan.
17-iyulga kelib, qo‘mita Maxsus komissiyasi “Anglesey Food” aybdor deb topib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga da’vo kiritilishini bildirdi. Qo‘mita matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, bu summa BHMning 50−70 barobarini yoki 17−23,8 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.