O‘zbekistonda mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar yangicha tizim asosida tashkil qilinadi. Bu haqda 17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34%ga o‘sdi. Hamma tarmoq yoki hududda ham ishlar bir xil emasligi qayd etildi.
Davlat xaridida mahalliy mahsulotlar ulushi 78%ni tashkil qilsa-da, ayrim vazirliklarda o‘zimizda bor mahsulotni import qilish holatlari hanuzgacha davom etayotgani tanqid qilindi.
Mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar yangicha tizim asosida tashkil qilinadi. Har oyda eng ko‘p import bo‘layotgan iste’mol tovarlari ro‘yxati va hajmi tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi.
Raqobat qo‘mitasi hudud va tarmoq kesimida o‘rganib, bozorda yetishmayotgan mahsulotlar bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarini beradi.
Bu takliflar asosida aniq loyihalar paketi shakllantiriladi, ular 20ta yirik tarmoq quvvatlarida yoki hududiy korxonalar bilan kooperatsiya asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, yangi tizimni joriy qilish uchun hukumatda mahalliylashtirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil qilinadi. Joriy yilda 92 trln so‘mlik mahsulotni mahalliylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda vazirlik, idoralar va hokimliklarning Kooperatsiya portalidagi ishtiroki yetarli emasligi qayd etildi. 63 mingta mahalliy korxonadan atigi 5%i mahsulotini portalga chiqarmoqda.
Mutasaddilarga yil yakunigacha barcha hududiy sanoat korxonalarini portalga to‘liq ulash topshirildi. Mahalliy mahsulotlar uchun 520ta milliy standartni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Tarmoq va hududlar yil boshidan $8,7 mlrdlik mahsulotini chetga sotgani ta’kidlandi. Lekin 9ta tumanda eksport o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmagan.
Xorijiy davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun ko‘plab tarif va notarif to‘siqlarni belgilamoqda. Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralarga bu to‘siqlarni yumshatish yuzasidan muzokara o‘tkazib, kelishuvga erishish topshirildi.
Avvalroq Xitoy tajribasi asosida Farg‘onada sanoat zonalari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Viloyat bog‘bon-tadbirkorlarining ayrim loyihalar bo‘yicha xorijiy valyutada olingan kreditlarining belgilangan qismi qoplab beriladi.