Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident iqtisodiyot, moliya va kambag‘allikni qisqartirish kompleksidagi vazifalarni belgilab berdi.
Farg‘ona viloyati misolida katta resurslar hali ishga solinmagani tahlil qilindi. Bundan buyon tuman hokimlarining o‘z hududida mahsulotni ko‘paytirish bo‘yicha hisobdorligi bo‘lishi belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hududiy ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha 10ta hisobdorlik ko‘rsatkichini belgilash topshirildi.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari o‘zini oqlaganini hisobga olib, ularga yangi sur’at bag‘ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
4 122 ta mahallada ixtisoslashuv darajasi pastligi qayd etildi. Joriy yil yakunigacha “Sayxunobod tajribasi” asosida har bir mahalladagi xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Mutasaddilarga ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovini 1,5 barobar oshirib, 4 trln so‘m ajratish topshirildi.
Yil yakunigacha kamida 50ta yangi mikromoliyalash tashkilotini ochib, ularni kreditlashga 1 trln so‘m resurs berish vazifasi qo‘yildi.
“Uychi tajribasi” asosida tuman hokimlari tadbirkorlar bilan, banklar esa mijozlari bilan muntazam uchrashib, ularga biznesini kengaytirishga ko‘maklashishi belgilandi.
Bu tadbirkorlar va biznes bilan shug‘ullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlash tizimi bo‘lib, tuman hokimi infratuzilma masalasi, bank esa moliyaviy ko‘mak masalasi bilan shug‘ullanadi.
Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan manzilli ishlash hisobiga yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Tadbirkorlar bilan mahallabay ishlash bo‘yicha “G‘ijduvon tajribasi” asosida tuman hokimlariga yil yakunigacha 1 mingta mahallada vertikal o‘sadigan sanoat binolarini tashkil qilish topshirildi.
Bunday binolarda xonadonlarda tashkil qilingan, lekin kengayish imkoni bo‘lmagan ishlab chiqarishlar uchun sharoitlar yaratiladi.
Ushbu sanoat markazlarining ikkinchi va undan yuqori qavatlarida ishlayotgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi.
Tuman darajasida katta loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida kamida 5−7 tadan “drayver” loyiha ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Ular tumanlardagi sanoat zonalari, bo‘sh turgan davlat obyektlariga joylashtiriladi. Eng yaxshi loyihalarga joriy yilda 500 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Bu orqali yana 150 ming ish o‘rni yaratish mumkin.
Aytilgan 4ta tajribani qo‘llagan holda yil yakunigacha 2,41 mln aholi bandligini ta’minlash rejasini tasdiqlash topshirildi.
Avvalroq qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshning muammosi hal etilib, 65 mingining bandligi ta’minlanishi haqida xabar berilgandi.