Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Unda joriy yilgi budjetda belgilangan tushum prognozini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Mutasaddi rahbarlar ikkinchi yarim yillik uchun tushum so‘zsiz ta’minlanishi shartligi haqida ogohlantirildi.
Shu bilan birga, tuman hokimlari va soliqchilar rejani bajaraman deb, tadbirkorni ortiqcha to‘lov qilishga majburlayotgani bo‘yicha holatlar kuzatilayotgani qayd etildi.
Ushbu vaziyatni tanqid qilib, prezident ishlab chiqarish va daromad oshishiga qiynalgan tadbirkorga ko‘mak berish orqaligina erishish mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi.
Barcha hokim va soliqchilar qat’iy ogohlantirildi: tadbirkorga ortiqcha to‘lov qildirgan mas’ullar jazolanadi. Bosh prokuraturaga bu masalani alohida nazoratga olish topshirildi.
Yil boshidan 67ta tumanda tushum 1,5 karra oshdi. Masalan, Baxmal, Jalaquduq, Forish, Qo‘rg‘ontepa va Guliston tumanlarida o‘sish 2 baravar bo‘lgan.
Lekin Nukus, Oqdaryo, Qiziriq, Mingbuloq, Mirzo Ulug‘bek, Qibray, Toyloq tumanlari, Namangan va Zarafshon shaharlarida o‘sish sur’atlari qolgan hududlardan ancha orqada ekani, Shumanayda esa umuman o‘sish bo‘lmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga soliq tushumlarida o‘sish past bo‘lgan mazkur hududlarga borib, ajratilgan kredit, subsidiya, davlatdan berilgan resurslar samarasini tahlil qilish topshirildi.
Tahlil yakunlariga ko‘ra ushbu hududlar hokimining birinchi o‘rinbosari va soliq rahbarlari faoliyatiga baho beriladi.
Mazkur tumanlarda hamda har bir viloyatda mamlakatdan yordam olayotgan eng og‘ir bittadan tumanda tushumni 2 karra oshirish bo‘yicha namuna yaratish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yili tadbirkorlarga 90 trln so‘m bojxona va soliq imtiyozi, subsidiya va kompensatsiya taqdim etilgan.
Endilikda imtiyoz va subsidiyalar maqsadli ko‘rsatkich bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati cho‘zib berilishi yoki umuman bekor qilinishi belgilandi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 10 trln so‘mlik asossiz xarajatlarni maqbullashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Yil boshida 20ta yirik korxonada tannarxni 15%ga pasaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqqa ko‘ra, o‘tgan davrda xarajat 8,3 trln so‘mga yoki 10%ga kamaydi. Bu ishlarni, ayniqsa energetikada tizimli davom ettirish topshirildi.
Joriy yilda hududiy korxonalarda 164 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, o‘sish 8,6%ni tashkil qildi. 87ta tumanda hududiy sanoat o‘sishi mamlakat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Lekin ayrim tumanlarda sanoat pasaygani, ba’zilarida deyarli o‘smagani ko‘rsatib o‘tildi.
To‘liq quvvatda ishlamayotgan 295ta korxona faoliyati tiklanib, ishlab chiqarish hajmi 390 mlrd so‘mga ko‘paydi.
Viloyat hokimlari va mutasaddilarga yana 2 mingdan ortiq korxona muammosini hal qilib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini tiklash vazifasi qo‘yildi. Barcha vazirliklar va viloyat hokimliklarida Barqaror rivojlanish markazlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, tannarxni kamaytirish, istiqbolli bozorlarga yo‘l ochish, hududlarda tadbirkorlar masalasini tez va shaffof hal qilishda 7 ta iqtisodiy tadqiqot markazlari va oliygohlari imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.