16-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jaev va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdaev muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuv Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston komissiyasi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga doir ish masalalarini muhokama qildilar. Ishtirokchilar transport-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Xususan, Turkmaniston tomonining mavjud va rejalashtirilayotgan multimodal transport yo‘laklariga qo‘shilishi hamda tashuvchilar uchun viza tartiblarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda avtomobilsozlik, kimyo va elektrotexnika sanoatidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Komissiyada hududlar forumi, ikki tomonlama ishbilarmonlar kengashi, savdo-sanoat ko‘rgazmalari orqali hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yig‘ilishning yakuniy bayonnomasi imzolandi. Tomonlar, shuningdek, talabga ega bo‘lgan tovarlar va xizmatlarni o‘zaro yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan bitimlar tuzdilar.

Aprel oyi o‘rtalarida turkman yuk tashuvchilardan O‘zbekiston chegarasida viza olishdagi muammolar haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qayd etilishicha, boshqa davlatlardan kelgan haydovchilar odatdagidek o‘tishadi.

“LogiStan” manbalariga ko‘ra, bunga Turkmanistondagi o‘zbekistonlik haydovchilar uchun teng bo‘lmagan kirish shartlari va u bilan bog‘liq xarajatlar sabab bo‘lgan. Turkmaniston tomoni kirish ruxsatnomasi uchun $700−900 undirsa, O‘zbekistonda to‘lov $200ni tashkil qiladi.

Transport vazirligi may oyida Turkmaniston transport idoralari bilan blankalar kvotasi hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” prezident Turkmaniston bilan chegaragacha bo‘lgan 155 km yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihasini ma’qullagani haqida yozgandi.