Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Bu haqda 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi hamda tadbirkorlar bilan muloqotda topshiriq berilgan edi. Ushbu topshiriqlar va bildirilgan takliflar asosida soha rivojiga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Xususan, xorijiy turistlarni mamlakatga jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $50 mln qiymatida alohida kredit liniyasi ochilmoqda.
Qayd etilishicha, bu kreditlar milliy valyutada yillik 17% stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.
Salohiyati yuqori bo‘lgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari barpo etiladi. Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika budjetidan 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, ularning har biriga $50 mln miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar berilib, avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50%ini qoplab berish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda solig‘i 50%ga kamaytirish kabi choralar ham nazarda tutuilgan.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi.
Avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi. Umumxalq bayramlari kunlarida qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida o‘quv dasturlari jahon reytingida birinchi 100talikka kiruvchi ta’lim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtiriladi.
Bu sohada oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkaziladi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.
Andijon, Buxoro, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Sharqshunoslik, Jahon tillari va “Ipak yo‘li” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga yarim yilda 3,5 mln nafar turist tashrif buyurgani haqida yozgandi.
Sayyohlarning eng yirik oqimi 1 mln nafardan ortiq sayyoh bilan Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi.