Davlat rahbari Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, AQShning Arizona davlat universiteti hamda “Cintana Education” kompaniyasi o‘rtasida 2023-yilning sentabrida bu bo‘yicha ahdlashuv memorandumi imzolangan.
Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi:
- muhandislik, sog‘liqni saqlash, IT, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash;
- o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va IT asosida xorijiy universitetlarda joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
- talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga xizmat qiladigan ta’lim muhitini shakllantirish;
- ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish;
- professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini xorijiy OTMlar va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish va boshqalar.
Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, mamlakat ta’lim sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari asosida amalga oshiradi.
Talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi hamda qabul parametrlari va to‘lov-kontrakt summasi universitet tomonidan belgilanadi.
Abituriyentlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi universitet talab va tartibi asosida amalga oshiriladi. Universitet to‘liq akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqil oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
Bitiruvchilarga Arizona davlat universitetining yoki AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy OTMning diplomi beriladi. Bunda, bitiruvchilarga berilgan diplom O‘zbekistonda tan olinadi.
Universitetda qo‘shma ta’lim dasturlarining xorijiy universitetda o‘qish qismini bakalavriatda “3+1”, magistraturada “1+1” va boshqa shaklda, jumladan, masofaviy tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Universitet faoliyati ta’sischilar mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida talabalarni o‘qitishdan tushgan mablag‘lar, homiylik xayriyalari, grantlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
AQShning “Cintana Education” kompaniyasi universitetni tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2024−2030 yillarda $30 mln, 2030−2035 yillarda esa $20 mln miqdorida investitsiya kiritadi, ularning kamida 50%i universitet moddiy-texnika bazasini shakllantirishga sarflanadi.
Shuningdek, kompaniya universitetga Arizona davlat universitetini hamkor sifatida jalb etish hamda ta’lim jarayonini hamkor universitet andozasi, o‘quv-metodik va texnologik qo‘llab-quvvatlashi asosida tashkil etadi.
Universitetning kutubxona fondini shakllantirish, o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirish, talabalar uchun Arizona davlat universitetining kutubxona fondidan foydalanish imkoniyatini yaratish ham mazkur kompaniya zimmasidadir.
Kompaniya Arizona davlat universiteti va nufuzli reyting tashkilotlarining yuqori 200talik ro‘yxatiga kirgan xorijiy OTMlarning ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining diplomini berishni nazarda tutuvchi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etadi.
Hujjat bilan, Toshkent shahri, Beshyog‘och ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan bino-inshootlar unga biriktirilgan hudud bilan birgalikda “Cintana Education” kompaniyasiga universitetni tashkil etish uchun 49 yil muddatga ijaraga beriladi.
15-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev davlat OTMlariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha takliflar bilan tanishgandi. Unda, mazkur universitet tashkil etilishi ma’lum qilingandi.