18-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib bordi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
O‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Yaqin yillarda $2 mlrd ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha “yashil yo‘lak” ishga tushiriladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli $300 mlnga yetdi. Tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunida $1 mlrdga yetdi.
17-iyul kuni o‘tkazilgan biznes forum doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.
Bunday loyihalar uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali $200 mlngacha oshiriladi. Hozirda Taraqqiyot jamg‘armasining portfeli $186 mlnlik 33ta investitsiya loyihasini o‘z ichiga oladi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi.
Ikki mamlakat salohiyati asosida kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi. Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettiriladi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash va kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdilar. Tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzolashdi.
Shuningdek, tashrif davomida quyidagi 16ta hujjat imzolandi:
- Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim;
- Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma;
- Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- 2024−2030 yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
- 2024−2026 yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
- 2024−2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
- 2024−2026 yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
- O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqalar.
Chuy viloyatida joylashgan avtomobil zavodini ishga tushirgandi. Zavodda “Cobalt”, “Onix” va “Tracker” yengil hamda “Isuzu” yuk avtomobillari ishlab chiqariladi.