17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda 2024-yilning birinchi olti oyida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,4%ga ko‘paygani qayd etildi.
Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, sanoat 7,8%ga, qurilish — 10,1%ga, xizmatlar — 12,9%ga, qishloq xo‘jaligi — 3,8%ga o‘sgan. Budjet daromadlari 113 trn so‘mga yetib, 14%ga o‘sdi.
Yil boshidan buyon mamlakatda yaratilgan qo‘shilgan qiymat 567,4 trln so‘mga yetdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 94 trln so‘mga ko‘pdir.
Birinchi yarim yillikda jami kapital quyilmalar 229 trln so‘mni tashkil qilgan. Shundan $15,5 mlrdi xorijiy investitsiya hisoblanadi. Yil boshidan $3,5 mlrdlik 3 mingta loyiha ishga tushirilib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratildi.
Tadbirkorlik uchun 82 trln so‘m kredit va 15,5 trln so‘m subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilindi. Taqdim etilgan yengillik va imtiyozlar hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 56,3 trln so‘m mablag‘ qoldi.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari boshlangani, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashdi, 1,6 mln aholi rasmiy band bo‘ldi.
Bundan tashqari, hozirgacha ishga tushirilgan 2,4 gigavattli 10ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga birinchi yarim yillikda 1,6 mlrd kilovatt “yashil” energiya olindi. Bu yarim milliard kub metr gazni tejash imkonini berdi.
Shu yilning o‘zida mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun budjetdan 31,5 trln so‘m ajratildi. Bunga yana 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
Yil boshidan 18 600ta yangi xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi. O‘tgan olti oyda 26 mingta oilaga 7 trln so‘mga yaqin ipoteka krediti ajratildi. Ular bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizni qoplash uchun 545 mlrd so‘m subsidiya berildi.
“Yutuqlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Dunyodagi og‘ir sharoitga qaramasdan barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishayapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham e’tirof etayapti” — dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 28ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish, Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlarini ishdan olish bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripovning taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda YaIM 2024-yilda 5,4%ni, 2025-yilda esa 5,5%ni tashkil etishi mumkinligini prognoz qilgandi.