Prezidentning “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Sayar LLC” kompaniyasi (Investor) tomonidan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida “Sayar green” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona (loyiha kompaniyasi) ta’sis etilgan.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investor, loyiha kompaniyasi va hukumat nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

Joriy yil 1-avgustdan tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda loyiha kompaniyasiga topshiriladi.

Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi ta’minlanadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.

Investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilarini kompaniyaga to‘liq yetkazib berishi kerak.

Bunda talabga rioya etmaslik sanitar osoyishtalik va chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish davomida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” joriy yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tilishi haqida yozgandi.

Tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini oladi va kontrabandaga qarshi kurashda yordam beradi.