18-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan yirik kooperatsiya loyihalariga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Mazkur stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Chuy viloyatida esa yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Zavodda “Cobalt,” “Onix” va “Tracker” rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.
Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga yangi texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari mazkur loyihalar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
2023-yilning yanvarida Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi davomida mazkur zavodni qurishga kelishilgandi. Mart oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv Qirg‘iziston Joqarg‘i Keneshining tegishli qo‘mitasiga taqdim etildi.
Aprel oyi oxiriga kelib, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Zavod qurilishi 2023-yilning may oyi o‘rtalarida boshlangan. Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov loyihani “har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi.
Joriy yil boshida Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev avtomobil zavodining ishga tushirilishi noqulay ob-havo sabab qoldirilganini ma’lum qildi. Martda esa “Altin Tulpar Unaa Kurulush” loyihasi rahbari Bahodir Baxautdinov may oyida ilk avtomobil ishlab chiqarilishini bildirdi.