Avvalroq hukumat qarori bilan ayrim qarorlarga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi.
Unda elektromototsikl, skuter va individual harakatlanish vositalarida harakatlanish tartibi bilan birga, ular harakatini taqiqlovchi talablar ham belgilanmoqda.
Individual harakatlanish vositalari (IHV) dvigatel (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi hisoblanadi.
Individual harakatlanish vositalarini boshqaradiganlarga quyidagilar taqiqlanadi:
- velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yo‘lkasi mavjud bo‘lganda yo‘lning qatnov qismida, yo‘l yoqalarida yoki qatnov qismining chetida harakatlanish;
- uzunligi yoki kengligi 0,5 metrdan ortiq tashqariga chiqadigan yoki boshqaruvga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
- piyodalar o‘tish joyida harakatlanishi (IHVlarii yetaklab o‘tish holatlari bundan mustasno);
- 14 yoshdan kichik bo‘lganlarning boshqarishi (turar joy dahalari, istirohat va hayvonot bog‘lari, bolalar maydonchalari, ko‘ngilochar joylarda va yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida va boshqa shu kabi holatlarda boshqarish;
- bir yoki bir nechta IHVlarni shatakka olish;
- tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan yoki nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini boshqarish;
- rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish;
- odam tashish;
- telefondan foydalanish.
Individual harakatlanish vositalarini boshqaradiganlar harakat davomida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerak.
Trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 10 km tezlikdan yuqori bo‘lmagan tezlikda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 km tezlikdan yuqori bo‘lmagan tezlikda harakatlanish zarur.
Agar velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yo‘lkasida individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxsning harakati piyodalarning harakatiga xavf tug‘dirsa yoki xalaqit bersa, u individual harakatlanish vositalaridan tushib, IHVni yetaklab yoki tezlikni pasaytirib harakatlanishi kerak.
Bundan tashqari, individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Joriy yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqqandi.
Undan keyin Qonunchilik palatasi deputatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi. Unda skuter va mopedlarda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgandi.