O‘zbekistonliklar Germaniyaga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tibbiyot sohasi bo‘yicha ishlarda oylik maosh qariyb 30 mln so‘mdan boshlanadi.
Ish haftasiga 40 soat (5/2)ni, sinov muddati esa 3 oyni tashkil etadi.
Nomzodlar hamshiralik, davolash ishi, doyalik yo‘nalishlarida uch yillik kollej yoki texnikum diplomiga hamda bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, 18−39 yosh oralig‘ida, nemis tilini o‘rganishga qobiliyatli hamda 10 oylik nemis tilini o‘qish kursiga qabul qilinganda ishsiz bo‘lish talab etiladi.
Ishtirokchilardan BHMning 4 baravari (1,36 mln so‘m) miqdorida to‘lov olinadi. O‘qish, viza, aviachipta va boshqa xarajatlar to‘lab beriladi.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ular bilan 20 kun ichida bog‘laniladi.
Loyiha vakillari ishtirokida suhbat o‘tkazilib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Toshkent, Angren va Andijon shaharlarida nemis tiliga bepul o‘qitiladi.
Undan keyin, imtihon olinadi va qabul qilinganlar Germaniyaga jo‘natiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda hunarmand va quruvchilar uchun nemis tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Nomzodlar Germaniyada o‘qish va kasbiy ta’lim olishlari uchun loyihalarga jalb qilinadi.