“Korzinka” supermarketlari tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov o‘zining “Telegram"dagi kanalida tarmoq bilan sodir bo‘layotgan holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Uning yozishicha, “Eng arzon narx” aksiyasi reklama kampaniyasi emas, balki “Korzinka"ning yangi narx siyosati hisoblanadi hamda dastur doimiy ravishda amal qiladi.
Yangi narx siyosati doirasida kundalik xaridlar ro‘yxatiga xaridorgir 400ga yaqin (hozirda 100ga yaqin mahsulot joriy qilingan) tovarlar tanlab olingan. Shuningdek, mazkur tovarlarni bozorlar va boshqa chakana savdo korxonalaridan arzonroq narxlarda sotish majburiyati kompaniya zimmasida ekanligi ta’kidlangan.
Yangi narx-navo siyosati bozorlar va savdo korxonalarida narxlarni muntazam monitoring qilish hamda chakana narxlarni dinamik ravishda moslashtirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim orqali ta’minlanadi. Bundan tashqari, dasturga kiritilgan ayrim tovarlar narxi bozor va boshqa savdo nuqtalaridagi narxlar bilan teng kelib qolishi mumkin:
“Agar bu mahsulotlar raqobatchilar tomonidan vaqti va assortimenti bo‘yicha cheklangan aksiyalar doirasida sotilsa yoki bozorlardagi savdogarlar kabi mono mahsulot, kechli bozor, ko‘tara savdo asnosida amalga oshirilgan bo‘lsa. Biroq, bizning narx taklifimiz shuni anglatadiki, chakana savdoda hech kim biz kabi kundalik tovarlar uchun to‘la qamrovli, izchil, nomuvaqqat va har tomonlama narx ustunligiga ega taklif bu kungacha bermagan”, — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Korzinka” mijozlari ko‘plab alohida savdo do‘konlarida va bozorlarda individual arzon narxlarni “ovlab yurmasliklari” va barcha xaridlarining qulayroq va hamyonbop bo‘lishi uchun qo‘yilgan qadam.
Dasturda shaffoflikni oshirish maqsadida veb-saytning alohida sahifasida dasturga kiritilgan mahsulotlarning kengayib borayotgan ro‘yxatini chop etib borish rejalashtirilmoqda. Zafar Hoshimovning ta’kidlashicha, bu bilan har kim mazkur mahsulotlarning narxlarini “Korzinka"da hamda boshqa chakana savdo do‘konlarida solishtirishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, Hoshimov bunday dasturlar butun dunyoda zamonaviy chakana savdo va supermarketlar rivojlanishi davrida amalga oshirilib kelinganini ham qayd etdi. Masalan, 1974-yilda “Walmart” tomonidan Amerikada “Everyday Low Prices (EDLP)” nomli dastur birinchi bor taqdim etilgan va bu hozirgacha amal qiladi.
“Keyinchalik shunga o‘xshash narx siyosatlari butun dunyo bo‘ylab turli tarmoqlarga keng tarqaldi. Endilikda bunday sharoit mamlakatimizda ham amalga oshgani bilan biz bir-birimizni aslida tabriklasak arziydi”, -deb yozadi u.
“Eng arzon narx”
15-iyul kuni Raqobat qo‘mita “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bunda aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagilardan farq qilmasligi aniqlangandi.
Undan keyin “Korzinka” bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyatiga bayonot berdi. Uning qayd etishicha, dastur kompaniyaning narxlar bo‘yicha yangi strategiyasi hisoblanib, kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga arzon narxlarni shakllantirishga qaratilgan.
17-iyulga kelib, qo‘mita Maxsus komissiyasi “Anglesey Food” aybdor deb topib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga da’vo kiritilishini bildirdi. Qo‘mita matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, bu summa BHMning 50−70 barobarini yoki 17−23,8 mln so‘mni tashkil etishi mumkin.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, shu kuni “Korzinka” matbuot xizmati Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi qarori va qo‘mita xabarida ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar kompaniyaga taqdim etilmaganini ma’lum qildi. “Shunga qaramay, Qo‘mita ushbu qaror va ko‘rsatmalarni bizga taqdim etgani haqida xabar berdi, bu esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi xabarda.
Raqobat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmanovning yozishicha, komissiyaning qonunchilikni buzganlik haqidagi ish yuzasidan qarori ishni ko‘rib chiqish tugallangach, majlis o‘tkazilgan sanada darhol e’lon qilinadi. Bunda uning faqat ko‘rsatma qismi ma’lum qilinadi, matni esa ishga qo‘shib qo‘yiladi.