“Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ularning nogironligi bo‘lganlarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi teklshiriladi.
Har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10%i chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta'mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025-yildan litsenziya berishda obyektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lganlarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Joylardagi hokimliklar har yili 1-noyabrgacha keyingi yil uchun o‘zining hududidagi kamida bittadan ko‘chani nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqadi hamda uning qurilish-ta'mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi.
2024-yilning 1-dekabrigacha nogironligi bo‘lganlarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida belgilangan ro‘yxatga muvofiq ko‘chalarni moslashtiradi.
2026-yilgacha nogironligi bo‘lganlarning harakatlanishi uchun to‘siqlarsiz muhit yaratilgan obyektlarni aniqlovchi “Interaktiv xarita” tizimi ishga tushiriladi. Tizim mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi.
Joriy yilning 1-oktabridan Toshkent shahri va xalqaro, 2025-yildan Qoraqalpog‘iston, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi bo‘lganlarga to‘siqsiz muhitni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega bo‘lgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.
Bu talab kuchga kirgunigacha tenderda g‘olib bo‘lgan hududlararo, tumanlararo avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning avtobuslarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50%i, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi 2024-yilning 1-noyabridan qoplab beriladi.
O‘zbekistonda nogironlikni elektron tarzda belgilash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yilning 1-oktabridan ixtisoslashtirilgan nogironlik tumanlararo va tuman tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan belgilanadi.
Ayrim fuqarolarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqini berish rejalashtirilmoqda. Qonunchilik palatasi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.